Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ–1080-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni qabul qilindi
Oʻzbekiston Respublikasining 2025-yil 8-avgustdagi OʻRQ–1080-son “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish
va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuni
qabul qilindi
I. Qonunni qabul qilish zaruriyati.
1. Tadbirkorlik faoliyatida intellektual mulkdan foydalanish koʻlamining yildan yilga ortib borishi, mamlakatda xalqaro brend va dasturiy taʼminotlar koʻpayishi natijasida intellektual mulkning huquqiy himoyasini kuchaytirish dolzarbligi ortib bordi.
2022-yilda 13 mingta, 2023-yilda 15 mingta, 2024-yilda 19 mingta va 2025-yilning oʻtgan davrida 15,7 mingta intellektual mulk obyektlari roʻyxatdan oʻtgan.
2. Qonunchilikda tovar belgisi, ixtiro, dasturiy taʼminotga doir huquqlarni buzganlik uchun mavjud jazo choralarining yengilligi va jinoiy javobgarlik nazarda tutilmaganligi sababli ushbu sohadagi huquqbuzarliklarni oldini olish choralaring samaradorligi pastligicha qolayotgan edi.
2022-yilda 380 ta, 2023-yilda 886 ta, 2024-yilda 936 ta va 2025-yilning oʻtgan davri davomida 2459 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
3. Milliy qonunchilikda belgilangan intellektual mulk huquqini himoya qilish mexanizmlari Jahon savdo tashkilotining (JST) Intellektual mulk huquqlarining savdo aspektlari boʻyicha bitimi (TRIPS bitimi) talablariga moslashtirish zaruriyati vujudga keldi.
JSTning TRIPS bitimi 61-moddasida intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilash, shuningdek, bitimning 46-moddasida tovar belgisidan noqonuniy ravishda foydalanilgan holda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yoʻq qilish nazarda tutilgan.
Germaniya va Gruziyada intellektual mulk egalarining mulkiy huquqlarini buzganlik uchun 5 yilgacha, Qozogʻistonda 6 yilgacha, Xitoy va Fransiyada 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllaniladi
II. Qonun bilan 7 ta qonun va 4 ta kodeksga quyidagi o‘zgartirish
va qo‘shimchalar kiritildi:
1. Intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayoni soddalashtirildi.
Davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish bekor qilindi, intellektual mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazganligi yuzasidan hujjatlar QR-kod qoʻyilgan holda avtomatik tarzda elektron shaklda berilishi belgilandi.
2. EHM uchun yaratilgan dastur va maʼlumotlar bazasiga doir talabnomalar yuzasidan ekspertiza oʻtkazish tartibi bekor qilinib, kerakli hujjatlarning
mavjudligini 10 kunda tekshirish mexanizmlari joriy etildi.
3. Intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi:
a) mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzganlik uchun (MJtKning 1771-moddasi) maʼmuriy jarima miqdori oshirildi (jismoniy shaxslarga 2,06 – 12,36 mln soʻm (amalda 412 ming – 4,12 mln soʻm), mansabdor shaxslarga
6,18 – 20,6 mln soʻm (amalda 2,06 – 8,24 mln soʻm);
b) seleksiya yutugʻiga va integral mikrosxema topologiyasiga boʻlgan huquqni buzganlik uchun (MJtKning 1772-moddasi) maʼmuriy jarima kiritildi
(jismoniy shaxslarga 2,6 – 8,24 mln soʻm, mansabdor shaxslarga 4,12 – 12,36 mln soʻm);
c) patentga oid (ixtiro, foydali model, sanoat namunasi va seleksiya yutugʻi) huquqbuzarliklar sodir etishda foydalanilgan ashyolarni musodara qilish (MJtKning 1772-moddasi) qoʻshimcha maʼmuriy jazo chorasi sifatida kiritildi.
Amalda musodara qilish tariqasidagi qoʻshimcha jazo tovar belgilari va mualliflik huquqiga oid huquqbuzarliklar uchun belgilangan;
d) adliya organlarining intellektual mulk obyektlari boʻlgan kontrafakt tovarlarni koʻzdan kechirish va xatlash (MJtKning 290-moddasi) vakolatlari kiritildi;
e) muallifning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilib, buzilishi javobgarlikka sabab boʻladigan intellektual mulk obyektlari doirasi kengaytirildi.
Xususan, Foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari, integral mikrosxemalar mualliflarining nomulkiy huquqlarini buzish jinoiy javobgarlikka (JKning 149-moddasi) sabab boʻlishi belgilandi.
1-qismida 20,6 – 30,9 mln soʻmgacha jarima yoki 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi;
2-qismida (takroran, bir guruh shaxslar tomonidan, xizmat mavqeyidan foydalangan yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa) 1 yildan 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, 30,9 – 412 mln soʻm jarima yoki 360 – 480 soat majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi belgilandi;
f) asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan, oʻzganing tovar belgisidan, geografik koʻrsatkichidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish (obyektlarning kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning eʼtiboriga yetkazish) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa jinoiy javobgarlik (1491 va 1492-moddalar) belgilandi.
1-qismida 20,6 – 41,2 mln soʻmgacha jarima yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 2 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 2 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi;
2-qismida (takroran, bir guruh shaxslar tomonidan, xizmat mavqeyidan foydalangan holda va b.) 41,2 – 61,8 mln soʻmgacha jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Yetkazilgan zararni qoplanganda ozodlikni cheklash yoki ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi, birinchi marta jinoyat qilgan shaxs jinoyat aniqlangan kundan 30 kun ichida moddiy zarar oʻrnini qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi;
g) ixtiroga, foydali modelga, sanoat namunasiga, integral mikrosxema topologiyasiga va seleksiya yutugʻiga boʻlgan huquqlarni buzish (mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif qilish, sotish) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa jinoiy javobgarlik (1493-modda) belgilandi.
1-qismida 20,6 – 30,9 mln soʻmgacha jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi;
2-qismida (takroran, bir guruh shaxslar tomonidan, xizmat mavqeyidan foydalangan yoki juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda sodir etilgan boʻlsa) 30,9 – 41,2 mln soʻmgacha jarima yoki 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi belgilandi.
Birinchi marta jinoyat qilgan shaxs jinoyat aniqlangan kundan 30 kun ichida moddiy zarar oʻrnini qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
4. Tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanilgan holda mahsulotlar (kontrafakt) huquqbuzar hisobidan muomaladan olib qoʻyilishi
va yoʻq qilinishi belgilandi.
Ushbu Qonunning maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish, kontrafakt mahsulotlarni olib qoʻyish va yoʻq qilishga oid moddalari
2025-yil 10-noyabrdan kuchga kiradi.