Bog'lanish

Telefon
(+998 71) 203-60-03

Elektron manzil
toshkent@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

08

Ish beruvchidan jabrlangan xodim - adliya ko‘magi bilan tiklandi!


Toshkent shahar adliya boshqarmasi fuqaro O.A.ning Bektemir tuman hokimiyati tomonidan ishdan bo‘shatilganligidan norozi bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “ishonch telefoni”ga qilgan murojaatini o‘rganib chiqdi.

Aniqlanishicha, fuqaro O.A. 2020 yil 1 iyundagi 89-FK-son farmoyish bilan tuman hokimining xo‘jalik ishlari mudiri lavozimiga ishga qabul qilingan, biroq tuman hokimining 2021 yil 23 martdagi 61-FK-son farmoyishiga muvofiq fuqaro O.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning arizasiga binoan Mehnat kodeksining 99-moddasiga asosan bekor qilingan.

Xolbuki, O.A.ning joriy yil 23 martdagi arizasida mehnat shartnomasini bekor qilish sanasi ko‘rsatilmagan, ish beruvchi va xodim o‘rtasida hech qanday kelishuv amalga oshirilmagan bo‘lsada, mehnat shartnomasi joriy yil 23 mart sanasi bilan bekor qilingan.

  Shu bilan birga, fuqaro O.A.ga buyruq nusxasi hamda mehnat daftarchasi murojaatni o‘rganish davriga qadar berilmaganligi maʼlum bo‘ldi.

Tuman hokimiyatining ushbu farmoyishi quyidagilarga asosan noqonuniy hisoblanadi:

Mehnat kodeksining 99-moddasiga ko‘ra, xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini ham, muddati tugagunga qadar muddatli mehnat shartnomasini ham, ikki hafta oldin ish beruvchini yozma ravishda ogohlantirib, bekor qilishga haqlidir. Ogohlantirish muddati tugagandan so‘ng xodim ishni to‘xtatishga haqli, ish beruvchi esa, xodimga mehnat daftarchasini berishi va u bilan hisob-kitob qilishi shart.

Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugamasdan oldin ham bekor qilinishi mumkin.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan yoki taraflar kelishuvi bo‘yicha belgilangan ogohlantirish muddati davomida xodim bergan arizani qaytarib olishga haqlidir.

Mehnat kodeksining 108-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998 yil 29 yanvarda 402-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Yo‘riqnomaning 3.1-bandiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.

Shunga ko‘ra, Boshqarma tomonidan fuqaro O.A.ning manfaatini ko‘zlab fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudiga daʼvo ariza kiritildi va sudning hal qiluv qaroriga ko‘ra, tuman hokimiyatining 2021 yil 23 martdagi 61-FK-son farmoyishi haqiqiy emas deb topilib, bekor qilindi, fuqaro O.A. avvalgi lavozimiga tiklandi va majburiy progul uchun o‘rtacha ish haqi hamda yetkazilgan 5 000 000 so‘m maʼnaviy zarar summasini undirish belgilandi.

 
Toshkent shahar adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini
himoya qilish bo‘limi