Янгиликлар
02
Mulkdorga yetkazilgan zarar undirildi!
Fuqaro D.I.ning buzilgan noturar joy evaziga to‘langan narx bo‘yicha vujudga kelgan tafovut to‘lab berilmayotganligidan norozi bo‘lib Adliya vazirligiga yozgan murojaati Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan ko‘rib chiqildi.
Aniqlanishicha, fuqaro D.I.ga tegishli bo‘lgan, Shayxontohur tumani, Mannon Uyg‘ur ko‘chasida joylashgan umumiy maydoni 339,0 kv.m. bo‘lgan savdo do‘koni, Toshkent shahar hokimligining 2016 yil 11 apreldagi 293-son qaroriga asosan buzilgan.
Toshkent shahar hokimligining Binolardan foydalanish departamenti va fuqaro D.I. o‘rtasida 2016 yil 28 sentyabrdagi 203-son kelishuv bitimi tuzilgan.
Mazkur kelishuv bitimiga ko‘ra, buzilgan savdo do‘koni hamda o‘rniga o‘rin berilayotgan ob’ektlarning bozor qiymati Binolardan foydalanish departamentining buyurtmasiga asosan o‘rniga o‘rin ajratilgan Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli ko‘chasi, 49-uy manzilida joylashgan umumiy maydoni 178,0 kv.m. bo‘lgan qismi baholovchi tashkilot “MAXIMUM ESTIMATE” tomonidan baholangan hamda “Estimate Group” MChJ tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan.
Fuqaro D.I.ga o‘rniga o‘rin berilayotgan Yakkasaroy tumani, Sh.Rustaveli ko‘chasi, 49-uy manzilida joylashgan umumiy maydoni 178,0 kv.m. bo‘lgan qismi baholash qiymati 2016 yil 15 sentyabrdagi 79-son baholash hisoboti hamda 2016 yil 16 sentyabrdagi 12/80-son ekspertiza xulosasiga asosan 347 563 849,0 (uch yuz qirq yetti million besh yuz oltmish uch ming sakkiz yuz qirq to‘qqiz) so‘m, buzilgan joyi qiymati esa 593 561 125,0 (Besh yuz to‘qson uch million besh yuz oltmish bir ming bir yuz yigirma besh) so‘m o‘rtasidagi tafovut 245 997 276,0 (ikki yuz qirq besh million to‘qqiz yuz to‘qson yetti ming ikki yuz yetmish olti) so‘mni tashkil etgan.
Biroq, shu kunga qadar fuqaro D.I. bu masalada bir necha marotaba murojaat qilgan bo‘lsada, fuqaro D.I.ga yetkazilgan va to‘lanishi lozim bo‘lgan zarar, ya’ni 245 997 276,0 (ikki yuz qirq besh million to‘qqiz yuz to‘qson yetti ming ikki yuz yetmish olti) so‘m to‘lab berilmagan.
Shunga ko‘ra, Toshkent shahar adliya boshqarmasining fuqaro D.I. manfaatida kiritilgan da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan to‘liq qanoatlantirildi va Toshkent shahar hokimligidan fuqaro D.I.foydasiga 245 997 276 so‘m yetkazilgan zarar summasini undirish belgilandi.
Toshkent shahar adliya boshqarmasi
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘limi